Ayni bayram arafasida, hamma taqdirlanayotgan bir paytda Hosila Rahimovaning litsenziyasi "O`zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan to`xtatildi. Nega, deysizmi? Unda quyidagi ma`lumotlarga e`tibor bering… uzbeknavo.uzning xabar berishicha: Davlat mustaqilligining 19 yillik bayrami konsеrt dasturini tayyorlashda yo`l qo`ygan mas'uliyatsizligi hamda 2010 yil 11 may kuni bеrilgan va 11 avgust kuni amal qilish muddati tugagan A0986-son litsеnziyani uzaytirish uchun Birlashmaga o`z vaqtida murojaat etmagani va O`zbеkiston Rеspublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 11 noyabrdagi 498-son qarori hamda Litsеnziya Bitimi talablarini qo`pol ravishda buzganligi uchun O`zbеkiston Rеspublikasida xizmat ko`rsatgan artist Hosila Rahimovaning O`zbеkiston Rеspublikasi va undan tashqarida gastrol-konsеrt faoliyatini amalga oshirish huquqini bеruvchi litsеnziyasi uch oy muddatga to`xtatildi.
Endi o`ylanib qolasan… Avval Feruza, keyin Hosila ochiqchasiga tanqid ostiga olinib, rasman litsenziyasi to`xtatildi. Ilgari ham qaysidir san`atkorlar haqida shunaqa gap-so`zlar bo`lardiyu ammo rasman hech qanday ma`lumot bo`lmaganligi uchun unga e`tibor berilmasdi. Lekin ushbu rasmiy xabarlar bundan buyon o`zini yo`qotib qo`yayotgan ijodkorlarni diqqatga keltirsa yaxshi bo`lardi. Negaki, san`atkor xalq xizmatkori, shu bilan birgalikda davlat madaniyatining targ`ibotchisi hisoblanadi. Unga berilgan unvonlar va rag`batlar aslida yelkasiga yuklatilgan mas`uliyat hissining belgisi. Shunday ekan san`atimiz vakillariga yanada mas`uliyatliroq bo`lishlarini maslahat bergan bo`lar edik. Bu so`zlarni xursand bo`lganimizdan emas, balki ularga nisbatan kuyinganimizdan aytyapmiz. Qanday tushunishlari esa o`zlariga bog`liq. Har holda "Do`st achitib gapirar…” naqliga amal qildik, xolos. Hosila Rahimovaning ham tezda o`zini oqlab olishiga tilakdoshmiz.